Hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Urganch tumani axborot-kutubxona markazi tomonidan kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, aholining, xususan, turli soha xodimlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, Urganch tuman Ichki ishlar bo’limi xodimlari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandumning asosiy maqsadi Ichki ishlar bo‘limi xodimlari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy-ma’rifiy savodxonligini oshirish, shuningdek, kasbiy faoliyatida zarur bo‘ladigan huquqiy, psixologik va badiiy adabiyotlar bilan muntazam tanishtirib borishdan iboratdir.

Hamkorlik doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ishlar amalga oshirilishi belgilandi. Bulardan, kitob yarmarkalari, ma’naviy uchrashuvlar va davra suhbatlarini tashkil etish, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari uchun maxsus kitob to‘plamlarini shakllantirish, kitobxonlik bo‘yicha musobaqa va tanlovlar, “Eng faol kitobxon xodim” kabi tashabbuslarni amalga oshirish, kutubxona fondidan muntazam foydalanish, elektron resurslarga ulanish bo‘yicha axborot-maslahat xizmatlarini yo‘lga qo‘yishdir.

Ushbu memorandum tomonlar o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, tuman ichki ishlar tizimida kitobxonlik madaniyatini mustahkamlashga, xodimlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yanada oshirishga xizmat qiladi.