Urganch tumani Axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.
Xususan, markaz tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” hamda “Kitobxon yoshlar – intellektual jamiyat asosi” mavzusida navbatdagi tadbir tashkil etildi. Unda Urganch tumani hokimi o‘rinbosari
O‘. Bog‘ibekov, “Nuroniy” jamg‘armasi faxriylari, nuroniy onaxonlar, tuman tashkilotlari xodimlari, talaba-yoshlar va kitobxonlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida badiiy chiqishlar, she’rxonlik, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan savol-javoblar tashkil etilib, faol qatnashchilar rag‘batlantirildi.
Tadbir yakunida “Kitobxonlik haftaligi” davomida eng ko‘p kitob mutolaa qilgan mutasaddi tashkilotlar xodimlari aniqlanib, ular bilan bir qatorda talaba-yoshlar hamda jajji kitobxonlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Mazkur tadbir turli avlod vakillarini bir maydonga jamlab, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlar qalbida ilm-ma’rifatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.

