«Buyuk ajdodlarga ehtirom»

Urganch tumani axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan Urganch davlat universitetining Kimyo fakelteti talabalariga «Buyuk ajdodlarga ehtirom» mavzusida davra suhbati va kitoblar taqdimoti o’tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni milliy qadriyatlar, boy madaniy meros va ajdodlarimizning bebaho ilmiy hamda adabiy merosini chuqur o‘rganishga da’vat etish, kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatini Urganch davlat universitetining Kimyo fakelteti dekani ochib berib, o‘z so‘zida buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani va adabiyotiga qo‘shgan hissasi, ularning asarlari orqali yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish zarurligi haqida so‘z yuritdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan taqdim etilgan “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” rukni ostida chop etilgan nodir asarlar to‘plami talabalarga tanishtirildi.
Taqdimot jarayonida ushbu rukn doirasida chop etilgan kitoblar — Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ahmad Yassaviy, Ogahiy, Munis, Furqat kabi buyuk mutafakkir va adiblarning asarlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, talabalarga ushbu adabiyotlarning mazmuni, tarixiy ahamiyati va ularning bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir ishtirokchilari davra suhbatida faol ishtirok etishdi, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Shuningdek, kimyo yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ilm-fan va adabiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, buyuk allomalar merosini zamonaviy ilmiy izlanishlarga tatbiq etish imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritildi.

Tadbir so‘ngida kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, talabalar “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” rukni ostida chop etilgan adabiyotlar bilan yaqindan tanishishdi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va ajdodlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ilmga, kitob mutolaasiga, madaniyatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.