«Fidoyi direktorlar» kitob albomi taqdimoti o’tkazildi

«Fidoyi direktorlar» kitob albomi taqdimoti o’tkazildi
Urganch tumani axborot kutubxona markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan nashr etilgan «Fidoyi direktorlar» kitob albomi taqdimoti o’tkazildi. Tadbir davomida ta’lim tizimida ko‘p yillardan beri fidokorona mehnat qilib kelayotgan, o‘z jamoasini yuksak natijalarga yetaklagan, yosh avlod tarbiyasida munosib o‘rnak bo‘layotgan direktorlar hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.
Mamlakatimizda yorqin islohotlar davrida maktab ta’limini rivojlantirish, ta’lim sifatini ta’minlash uchun o‘zining butun salohiyatini  safarbar qilib, uzoq yillardan beri o‘z mehnati  bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotgan Fidoyi direktorlar davlatimiz tomonidan doimo e’tirof etib kelinmoqda. Mazkur kitob mana shunday Fidoyi direktorlar haqida bo‘lib, ularning ezgu amallarini kelajak avlodlarga yetkazish uchun xizmat qiladi.

Taqdimotda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi  Urganch tumani bo’linmasi boshlig’i G.Jabbarova so‘zga chiqib kitobning ahamiyati, unda keltirilgan hayotiy lavhalar va tajribalar yosh avlod uchun qanday ibrat manbai bo‘lishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari kitob muallifiga minnatdorlik bildirib, o‘z kasbini sevgan, xalqimiz uchun jonbozlik ko‘rsatgan rahbarlarni qadrlash barchamizning burchimiz ekanini ta’kidlab o‘tishdi.
Tadbir samimiy suhbatlar, ilhomli fikrlar va iliq taassurotlarga boy bo‘ldi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, o‘z sohasida fidoyi bo‘lishga undashda alohida ahamiyat kasb etadi.