14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Xorazm viloyatida ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan «Kitobsevarlar bayrami» tantanali tarzda tashkil etildi.
Mazkur tadbir Xorazm viloyati hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi va Urganch tumani axborot-kutubxona markazi hamkorligida o‘tkazildi. Bayram tadbirining asosiy maqsadi Vatan himoyachilariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish hamda yoshlar ongida ilm-fan va ma’naviyatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, harbiy soha vakillari, harbiy litsey kursantlari, ijodkor-olimlar, yozuvchi va shoirlar, shuningdek, turli yoshdagi mahalliy kitobxonlar faol ishtirok etdilar. Bayram doirasida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasida badiiy, ilmiy-ommabop hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi adabiyotlar namoyish etildi va sotuvga chiqarildi.
Tadbirning eng qiziqarli va mazmunli jihatlaridan biri ijodkorlar bilan kitobxonlar o‘rtasida tashkil etilgan erkin va samimiy muloqotlar bo‘ldi. Shuningdek, tadbir yakunida kitobxonlar mualliflar tomonidan imzolangan kitoblarni esdalik dastxatlari bilan qabul qilib oldilar. “Kitobsevarlar bayrami” ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, kitobga bo‘lgan mehr va e’tiborni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

