Urganch tumani axborot-kutubxona markazi hamda 38-sonli maktabi bilan hamkorligida o‘zbek she’riyatining zabardast vakili, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 111 yilligi munosabati bilan 5–6-sinf o‘quvchilari ishtirokida «Pazanda qizlar» tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda “Ayol baxtli bo’lsa, jamiyat baxtlidir” shiori ostida tashkil etilib, unda o‘quvchilar shoira hayoti va ijodi yuzasidan bilimlarini namoyon etdilar. Tanlov davomida, Zulfiyaxonim she’rlaridan namunalar, sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar, ijodiy chiqishlar, pazandachilik va hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil etildi. Ishtirokchi qizlar, shoira ijodidagi Vatanga muhabbat, sadoqat, ayol matonati va ezgulik g‘oyalarini chuqur his etgan holda o‘z chiqishlari bilan barchada iliq taassurot qoldirdilar.
Tanlov yakunida faol ishtirokchilar markaz tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Ushbu ma’naviy uchrashuv yosh avlod qalbida adabiyotga mehr, milliy qadriyatlarga hurmat va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

