“Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov hakamlar hay’atiga viloyat axborot-kutubxona markazi direktori R. Kurbonov raislik qildi. Hakamlar hay’ati tarkibidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mas’ul xodimi Komilova Soadat Ergashevna, markaz direktorining o‘rinbosarlari M. Qurbanbayeva va Bobur Karimov, ilmiy-metodika xizmati rahbari Shuhrat Matkarimov hamda boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Z. Xadjaniyazova o‘rin oldilar. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mas’ul xodimi Komilova Soadat Ergashevna tanlov jarayonini ZOOM platformasi orqali kuzatib bordi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat axborot-kutubxona markazi direktori R. Kurbonov tanlovning maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Tanlov 4 ta shart asosida tashkil etildi:
1-shart — “Kitoblarni interaktiv usullarda targ‘ib qilish”
Ishtirokchilar o‘zlari tanlagan adabiyotlarni booktrailer, buk-slem, infografika, quiz va viktorina kabi zamonaviy hamda interaktiv usullar orqali targ‘ib qildilar.
2-shart — “Bahru bayt”
Ishtirokchilar ushbu shart orqali o‘zlarining badiiy so‘zlash, tezkor fikrlash va ijodiy qobiliyatlarini namoyish etdilar.
3-shart — “Kutubxonada amalga oshirgan loyihasi taqdimoti”
Ishtirokchilar kutubxona faoliyatida amalga oshirgan amaliy loyihalarini sodda, aniq va kreativ tarzda taqdim etdilar.
4-shart — “Test sinovi”
Ishtirokchilar kutubxonachilik sohasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mantiqiy fikrlash va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha 20 ta test savoliga javob berib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Tanlov natijalari Ko‘rik-tanlov yakunlariga ko‘ra:
1-o‘ringa — Bog‘ot tumani axborot-kutubxona markazi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati rahbari Rahmanova Zulfizar sazovor bo’ldi.
Tanlovning barcha ishtirokchilariga “Faxriy yorliq” topshirildi. Birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchiga esa esdalik sovg‘asi taqdim etildi. G‘oliblikni qo‘lga kiritib, ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Rahmanova Zulfizarga kelgusi bosqichda omad va muvaffaqiyat tilaymiz! Kitobxonlik va kutubxonachilik sohasidagi izlanishlaringiz bardavom bo‘lsin!