Urganch davlat universiteti hamda Urganch tumani Axborot-kutubxona markazi hamkorligida Xorijiy filologiya fakulteti talabalari hamda yosh kitobxonlar ishtirokida «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» hamda «Kitobxon talabalar» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirga «Yosh kitobxon» respublika tanlovi g‘olibasi, Prezident sovg‘asi sohibasi, Xorazm viloyati vakili Maftuna Ochilova mehmon sifatida taklif etildi. Tadbir davomida mehmonlar tomonidan yosh qizlarga samimiy tilaklar bildirilib, ularning orzu-intilishlari yurtimiz kelajagi, bilim va salohiyati esa jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekanligi alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, Maftuna Ochilova bilan talabalar o‘rtasida o‘tgan samimiy va do‘stona muloqot barchada katta taassurot qoldirdi.
Suhbat davomida Maftuna Ochilova «Yosh kitobxon» tanloviga tayyorgarlik jarayoni, tanlov shartlari, kitob o‘qish madaniyati va texnikasi, mutolaaning inson hayotidagi o‘rni hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Urganch tumani bo‘limi rahbari G. Jabborova ishtirok etib, ma’naviyat sohasidagi yangiliklar hamda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘zlab o‘tdi. Shuningdek, axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Z. Saidova markazida yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud yangiliklar, foydalanish qoidalari hamda so‘nggi kunlarda eng ko‘p mutolaa qilinayotgan kitoblar haqida ma’lumot berildi. Tadbir yakunida Urganch davlat universiteti tyutorlari hamda talaba-yoshlar bugungi uchrashuvdan katta taassurot olganliklarini bildirib, tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.

