Urganch tumani Axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi Shakarjon Xo‘janiyozovaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Shakarjon Xo‘janiyozova – davlat va jamoat arbobi» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda kitobxonlar klubi a’zolari faol ishtirok etdilar. Suhbat davomida markaz mutaxassisi Z. Matkarimova o‘quvchi-yoshlarga Shakarjon Xo‘janiyozovaning hayot yo‘li, mehnat faoliyati hamda yurt ravnaqi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, el-yurt taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan ana shunday ulug‘ insonlarni xotirlash, ularning ezgu ishlarini yodga olish va yosh avlodga yetkazish eng xayrli amallardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Bugungi davra suhbatida Shakarjon Xo‘janiyozova haqida iliq va samimiy fikrlar bildirilib, uning viloyatimiz ravnaqiga qo‘shgan hissasi, insoniy fazilatlari va ibratli hayot yo‘li haqida atroflicha so‘z yuritildi.

