O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-sonli “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Urganch tumani Axborot-kutubxona markazi hamda 38-sonli maktab kutubxona mudiri D. Matnazarova tashabbusi, 6-sinf rahbarlari hamkorligida 6-sinf o‘quvchilari ishtirokida «Kitob – yoshlar kamolotining asosiy omili» mavzusida kitobxonlik viktorinasi o’tkazildi. Mazkur viktorinada 6-«A» sinfining “Adabiyot bilimdonlari”, 6-«B» sinfining “Zulfiya izdoshlari” hamda 6-«D» sinfining “Vatan ifori” jamoalari 3 ta shart asosida o‘zaro bellashdilar. Tanlov davomida o‘quvchilar o‘zbek adabiyotining yorqin namoyondalari siymolarini mahorat bilan gavdalantirib, asarlar asosida sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar. Shuningdek, adiblarning hayoti va ijodi yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Tadbir yakunida markaz rahbari M. Yusupova ishtirokchilarga o‘z tavsiyalarini berib, faol qatnashgan o‘quvchilarni kitoblar bilan taqdirladi. Ushbu kitobxonlik viktorinasi yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda milliy adabiyotimizga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

