«Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-92-son qarori 8-bandi hamda 2022-yil 19-yanvardagi “Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-92-son qarori 5-bandi ijrosi doirasida «Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul» loyihasi asosida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Mazkur loyiha orqali yoshlarga biriktirilgan nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb etish, ularning hayotiy tajribasidan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Urganch tumani 11-sonli musiqa va san’at maktabida tuman hokimligi, Mahalla va “Nuroniy” jamg‘armasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Urganch tumani bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Urganch tumani Axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda tumandagi 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan faol nuroniy otaxonlar ishtirok etib, 3 ta shart asosida o‘zaro bellashdilar. Bellashuv davomida nuroniylarning hayotiy tajribasi, dunyoqarashi, ma’naviy salohiyati va yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyati namoyon bo‘ldi. Tadbir yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan nuroniy otaxonlar “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan diplom, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan hamkor tashkilotlar hamda markaz xodimlariga ham esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir davomida tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tadbirga yanada fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.